UrDU “Tarix” kafedrasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

“Urganch davlat universiteti “Tarix” kafedrasi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” kafedrasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi.”

Shu yilning 18-noyabr kuni Urganch davlat universitetida bo’lib o’tgan qo’shma ilmiy seminarda Tarix kafedrasi mudiri, t.f.d. O‘.I.Abdullayev so‘zga chiqib, kafedra professor-o‘qituvchilari, magistrant talabalarga mehmonlarni tanishtirdi va Urganch davlat universiteti “Tarix” kafedrasi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” kafedrasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro ilmiy va pedagogik faoliyatni rivojlantirish taklifini bildirdi. Shundan so‘ng, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” kafedrasi o‘qituvchisi Atayev Azamat Po‘latovich so‘zga chiqib, kafedra faoliyati, ilmiy yo‘nalishi, erishilayotgan tadqiqot natijalari va hamkorlik o‘rnatilsa, bu ikkala kafedra uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘lishini aytib o‘tdi.

Taklif barcha professor-o‘qituvchilar tomonidan ma’qullanib, bir qancha fikr-mulohazalar bildirildi va qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy seminarda filologiya fanlari doktori Rashid Fozilovich Zohidov “Fanlar tizimida manbashunoslik va matnshunoslikning o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada matnshunoslik, adabiy matnshunoslik va manbashunoslikning fan bo‘lib shakllanishidagi tarixiy ahamiyati, ularning bir-biridan farqli jihatlari va bir-birini to‘ldiruvchi tomonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, tarixiy manbashunoslik, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy va Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy asarlarining o‘rganilishi bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.

Ma’ruzachining ma’lumotlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan va mavzuga oid bo‘lgan savollari bilan qatnashishdi, ma’ruzachi barcha savollarga asosli javob berdi va o‘zi nashr qildirgan yangi kitoblarni universitet kutubxonasiga sovg‘a sifatida qoldirdi. Seminar ilmiy munozaralarga boy, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi va bunday ilmiy uchrashuvlarni kelgusida doimiy o‘tkazib turish zarurligi ta’kidlandi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.