Xalqaro konferensiyalardan lavhalar

Navbatdagi xalqaro konferensiyada sharq tillarining ahamiyati muhokama qilindi

20.11.2020

“Alisher Navoiy nomidagi ToshDOTAU Sharq tillari kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiya koplab ilm ahlini ozida jamladi.”

    “MADANIYATLARARO MULOQOTDA SHARQ TILLARINING AHAMIYATI”  mavzusidagi xalqaro masofaviy-onlayn ilmiy-amaliy konferensiyasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Sharq tillari kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, eng muhimi, chin ma’nodagi  inson, talabalarning sevimli ustozi Sarvinoz Sotiboldiyevaning yorqin xotirasiga bag’ishlandi.


Konferensiya yalpi majlisdan so’ng  sho’balarda o’z ishini davom ettirib, unda turli ta’lim bosqichlarida sharq tillarini o’qitish, tarjima va tarjimashunoslik masalalari, sharq madaniyati va falsafasi, qo’lyozmalar manbashunosligi, til va madaniyatda gender muammolari va bag’rikenglik kabi muhim va ayni paytda juda dolzarb masalalar muhokama qilindi.


Konferensiyada Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, AQSH, Afg’oniston, Indoneziya, Qirg’iziston va yana ko’plab mamlakatlardan olimlar ishtirok etib, nutq so’zlashdi.
Konferensiya o’z ishini ertaga 21-noyabrda ham davom ettiradi.

 

 

Xalqaro konferensiya: Ona tili ilmining yangi choqqilari kashf etildi

21.10.2020

“O‘zbek tilini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman 20-oktabr kuni 5 ta sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi. ”

 

        “O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari” sho‘basida  10 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Professor S.Ashirboyevning “Areal lingvistikada innovatsiya”, professor D.Xudoyberganovaning “O‘zbek lingvomadaniyatshunosligining dolzarb muammolari”, Z.Xidraliyevaning “Iqon shevasida singarmonizm xususiyatlari” kabi ma’ruzalari dolzarbligi, qiziqarliligi bilan bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

        “Til tarixi va turkiy manbalar” sho‘basida 20 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Professor Q.Sodiqovning “Qutadg‘u biligning uyg‘ur yozuvi qo‘lyozmasining tekstologik yutuqlari”, professor B.Abdushukurovning “Devonu lug‘atit turk”  va o‘zbek tili shevalari, Nodirbek Jo‘raqo‘ziyevning Ieronim Migizerning “Institutinnum linguae Turcicae libri quatuor” asari tuzilishi va mudarijasi xususiyatlari kabi ma’ruzalari qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. 
“Madaniyatlararo muloqot va o‘zbek tili taraqqiyoti” deb nomlangan 3-sho‘bada ham bir-biridan qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Xususan, doktor Ahmet Karaman (Turkiya)ning “Özbekçeden türkçeye aktarmalarda art fiil sorunu”, professor Zilola Xudaybergenova (Turkiya)ning “Til va madaniyat: o‘zaro munosabat va o‘zaro ta’sir masalasi”,  f.f.d., dotsent Abdurahim Nasirovning “Madaniyatlararo muloqot va o‘zbek tili taraqqiyotida iboralarning o‘rni hamda ahamiyati” kabi ma’ruzalarining dolzarbligi, masalaga yechimning berilganligi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi.

       “Globallashuv va hozirgi turkiy tillar” deb nomlangan 4-sho‘ba 10 ga yaqin bir-biridan qiziqarli, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
“Amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika muammolari” deb nomlangan 5-sho‘baga 20 dan ortiq ma’ruza tinglandi. Baxtiyor Mengliyevning “O‘zbek tili taraqqiyoti rivojlanish omillari”, Ayrat Gatiatullin (Tatariston), Nilufar Abduraxmonovalarning “O‘zbek tilining lingvistik ma’lumotlar bazasini shakllantirishda “turkiy morfema) portali instrument sifatida”,  Shahlo Xamroyevaning “O‘zbek tilshunosligida axborot-qidiruv tizimlari lingvistik ta’minoti borasidagi ishlar haqida”, Asqar Eshmuminovning “Jahon va o‘zbek tilshunosligida korpus lingvistikasining tadrijiy taraqqiyoti”, Saodat Adilovaning “Chet elliklarga o‘zbek tilini o‘qitishning o‘ziga xosliklari” kabi ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, tashkil etilgan sho‘ba yig‘ilishlarida tinglangan ma’ruzalar yuqori saviyada yozilganligi, dolzarb masalalarga bag‘ishlanganligi, ilmiy asoslanganligi bilan anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

 

Dunyo olimlari o‘zbek tilida ma’ruza qildi. (video)

19.10.2020

“O‘ZBEK TILINI DUNYO MIQYOSIDA KENG TARGʻIB QILISH BO‘YICHA HAMKORLIK ISTIQBOLLARI» xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.”

Universitetimiz  yana bir bor katta,  xalqaro miqyosdagi nufuzli tadbirga mezbonlik qildi. Tashkil etilgan xalqaro anjuman juda yuqori saviyada o‘tkazildi. Havas qilarli tomoni shundaki, barcha  xorijiy ishtirokchilar faqat o‘zbek tilida ma’ruza qilishdi.  Xalqaro mutaxassislar  Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUni, universitet  rektori  Shuhrat Sirojiddinovning xizmatlarini e’tirof etishdi, tilimizga, ajdodlarimizga yuqori hurmat ko‘rsatishdi. Anjumanda Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev,  Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi – Daniyel Rosenblum, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi – Jiang Yan , Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi – Mehmet Sureyya Er,   Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori – Samir Abbasov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori – Gulchehra Rixsiyeva,  Ozarbayjon Tillar universiteti rektori – Kamol Abdulla, Berlin Humboldt universiteti professori – Ingeborg Baldauf,  Oksford universiteti Mustaqil tadqiqotchisi – Tomas Velsford,  Tokio xorijiy tillar universiteti professori – Kimura Satoru va boshqa ko‘plab nufuzli mehmonlar ishtirok etishdi.  Bugun tadbirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anjuman ertaga sho‘ba yig‘ilishlarida o‘z ishini davom ettiradi. Anjuman yangiliklarini saytimizda kuzatib boring.

 

 

 

Madaniyatlararo muloqot va turizm rivoji ilmiy jamoatchilik nigohida

17.06.2020

2020-yilning 15-iyun kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron ilmiy-metodik jurnal va internet portali, O‘zbekistondagi Turkiya Elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, N.A. Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod lingvistika universiteti bilan hamkorlikda “Madaniyatlararo muloqot va turizm” (“Intercultural communication and tourism”, “Межкультурная коммуникация и туризм”) mavzusida хalqaro ilmiy-amaliy masofaviy-onlayn konferensiya tashkil etildi.

Onlayn konferensiya ZOOM dasturida conference.fledu.uz platformasida o‘tkazildi.

Ushbu onlayn konferensiyada YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mr. Jan Hladik, Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mehmet Sureyya ER, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti rektori professor Yusuf Tekin, Nijniy Novgorod Davlat Lingvistika universiteti rektori professor J.V.Nikonova, Amerikaning Nyu-York, Indiana universitetlari professorlari, Kanada va Turkiya universitet va markazlari olimlari, A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy elektron jurnal va portal (FLEDU.UZ) mas’ullari, shuningdek, sohaning mutaxassis va xalqaro ekspertlari ishtirok etdilar.

Xalqaro ilmiy onlayn konferensiya turizm va ta’limning o‘zaro ta’siri va rivojlantirish istiqbollari, adabiy turizm, ekoturizm, ziyorat turizmi borasidagi xalqaro tajriba, globallashuv sharoitida xalqaro turizm tizimidagi madaniyatlararo aloqalar, bilingvizm va madaniyatlararo muloqot, diskursologiya va korpus lingvistikasi, tarjimashunoslik va madaniyatlararo muloqot, innovatsion faoliyat va turizm kabi yo‘nalishlarda ish olib bordi.

Ushbu onlayn anjumanning ahamiyatli jihati qamrab olingan mavzularning dolzarbligi bilan bir qatorda konferensiya ishi bir emas, bir-necha kun davom etishidadir. Bu esa taqdim etilgan ilmiy ishlarning ishtirokchilar tomonidan yaxshiroq o‘rganilishiga, muhokamalar asnosida o‘rtaga tashlangan masalalarning kengroq doirada tahlil qilinishiga zamin yaratadi.

2020-yil 20-iyun kuni conference.fledu.uz saytida konferensiya ishi yakunlanadi. Konferensiya ishtirokchilari va maqola/videoma’ruzalar muhokamasida faol ishtirok etgan internet foydalanuvchilariga maxsus sertifikatlar yuboriladi. Konferensiya materiallarining (matn, audiovizual shakldagi) elektron bazasi yaratiladi. Shuningdek, izohlar, savol-javoblar, fikr-mulohazalar har bir maqola ostidagi maxsus bandda davom etadi.

 

Markaziy Osiyoda madaniy hayot va ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojlanishining dolzarb muammolari xalqaro miqyosda o‘rganildi

31.05.2020

“Markaziy Osiyoda madaniy hayot va ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojlanishining dolzarb muammolari” deya nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya 2020-yilning 31-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi tomonidan yuqori saviyada oʻtkazildi.

Konferensiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor, Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinovning konferensiya qatnashchilariga tabrik soʻzi bilan boshlandi.

Konferensiya ishi oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib borildi. Kirish qismida jahonning turli mamlakatlaridan ishtirok etayotgan olimlar soʻzga chiqib, mazkur anjumanning keng qamrovli mohiyati va ahamiyati, va bugungi kunning dolzarb muammolari haqida gapirdilar.

Jumladan,  Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniy markazi direktori Samir Abbosov, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti OʻOAI direktori oʻrinbosari, tarix fanlari nomzodi Daria Jigulskaya, Muxtor Avezov nomidagi JQDU qoshidagi «Turkologiya» ilmiy-tadqiqot markazi direktori Nurlan  Mingbayev,  Washington universiteti vakili Mark Riz,  Umumiy ta’lim dasturining hamraisi,  Qirgʻizistondagi Markaziy Osiyo Amerika universiteti dotsenti Nikolas Volmsli, Italiyaning Ka-Foskari universiteti falsafa fanlari nomzodi Elizabetta Ragagnin va yana bir qancha mashhur olimlar konferensiyada ishtirok etdilar.

Konferensiya ishi oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib borildi. Anjumanga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi Vera Avrorovna Muxamedjanova koordinatorlik qildi. Yalpi yigʻilishdan soʻng konferensiya ishi 6 ta shoʻbada davom ettirildi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.