ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI JAMOASINING MAMLAKAT ZIYOLILARIGA MUROJAATI

 Hurmatli ilm va ijod ahli, aziz hamkasblar!  

      Hammamizga maʼlumki, bugun dunyo qalqib turibdi. Oʻz yurtining tinchligi, farovonligi va kelajagini, xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻsini, farzandlari kamolini oʻylagan xalqlar va ularning uzoqni koʻzlagan dono rahbarlari yosh avlod tarbiyasiga birinchi galdagi vazifa deb qaramoqda.  Maʼrifatparvar adib Abdulla Avloniyning bundan yuz yil oldin aytgan: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, degan hikmatli soʻzlari biz – koʻpmillatli Oʻzbekis­ton xalqi uchun tom maʼnoda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

      Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi Oʻzbekistonda milliy yuksalishga erishish, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish gʻoyasi biz uchun hayotiy masalaga aylanmoqda.

      Mana shunday tarixiy davrda yon-atrofimizda, dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga nisbatan eʼtiborsiz va loqayd boʻlishga, tomoshabin boʻlib yashashga siz bilan bizning – ziyolilarning aslo haqqimiz yoʻq. Ruhiy bedorlik, maʼnaviy hushyorlik, elu yurt manfaati yoʻlida yonib yashash – bugungi kunning bosh shioridir. 

         Bugun yer yuzida azaliy tushuncha va qadriyatlar oʻzgarmoqda, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash yangicha, koʻrinmas va keskin tus olib bormoqda. Axborotlar xuruji tobora avj olmoqda. Milliy qadriyatlarni, milliy oʻzlikni yemirishga qaratilgan tahdidlarning koʻlami ortmoqda. Bunday xatarlarga qarshi kurashda fidoyilik koʻrsatish, yoshlarning mehribon ustozi va doʻsti, taʼbir joiz boʻlsa, ishongan togʻi, suyanchi va tayanchiga aylanib, farzandlarimizni toʻgʻri yoʻlga boshlash, ularga zamonaviy ilm-fan, texnika sirlarini puxta oʻrgatish, yosh avlodimizni zamon sinovlariga bardosh bera oladigan komil insonlar etib tarbiyalash biz – ziyolilarning zimmamizdagi eng katta va masʼuliyatli vazifadir. 
Bu bizning Vatan va xalq oldidagi muqaddas burchimizdir. Buni unutishga sira haqqimiz yoʻq.

         Biz ilm-fan, texnika sohasi namoyandalariga, hurmatli olimlarimizga murojaat qilib aytmoqchimiz:

Sizlarga yaxshi maʼlumki, koʻzlangan oliy maqsadlarga erishish uchun xalqimizga ulkan intellektual salohiyat, bunyodkorlik qudrati suv bilan havodek zarur. Bunday imkoniyatlar eshiklarining posbonlari bu – Siz, azizlardirsiz. 
      Davlatimiz rahbarining: “Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”, degan dasturiy fikrlari barchamiz uchun harakatga qoʻllanma vazifasini oʻtashi lozim. Milliy ruhning ilm-fan, texnika sohasida qoʻlga kiritilajak yutuqlarga asos boʻlishiga erishishimiz bugungi kun talabidir. 

Hozirgi davr moʻjizalar, kashfiyotlar zamoni. Bashariyatning oqil va masʼul farzandlari, ilmiy-ijodiy ziyolilar hushyor turmasa, sergak boʻlmasa, bunday yutuqlari yovuzlikka xizmat qilishga ham oʻtib ketishi mumkin. Buni teran his qilgan holda, yoshlarga aniq va gumanitar fanlar asoslarini, zamonaviy texnika sirlarini chuqur oʻrgatib, oʻtmishda buyuk ajdodlarimiz oʻzlarining ilmiy kashfiyot va gʻoyalarini jahon boʻylab taratganidek, biz ham ilm-fanning chin dargʻalari boʻlaylik. Yosh avlodni ortimizdan ergashtirib, ularni yorugʻ istiqbol yoʻliga boshlaylik.
          Shonli tariximizning fidoyi tadqiqotchilari, moziyshunos olimlar!

“Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy taʼsiri boʻlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”.

          Davlatimiz rahbarining ana shu muhim fikrlari ijtimoiy-gumanitar fan sohasi vakillari uchun dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. 

          Fikriy qaramlikdan, maʼnaviy qashshoqlikdan qutulishning yagona yoʻli – oʻz milliy tarixini puxta bilish va undan kuch-qudrat olishdan iboratdir.

         Shu bois, tariximizni oʻrganish va oʻrgatishda adolat va xolislik bilan ish koʻraylik. Yoshlarni oʻtmishdagi yutuqlardan ibrat olib, xatolardan saboq chiqarishga oʻrgataylik. 
       Qadrli adib va shoirlar, ijodkor doʻstlar! Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va noshirlar! Kino, teatr va musiqa sanʼati namoyandalari!

       Davlatimiz rahbari: “Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz”, deb taʼkidladi. Bu konseptual gʻoyani xalqimizga, yoshlarga yetkazish, targʻib qilish va tushuntirishda hech kim Sizlarning oʻrningizni bosa olmaydi. Sizlar yaratayotgan har bir sheʼr, kino, spektakl, qoʻshiq, koʻrsatuv, eshittirish yoki tasviriy sanʼat asarlari odamlar qalbiga, ularning ong-u tafakkuriga qanday katta taʼsir koʻrsatishini hamisha yodda tuting. Farzandlarimiz, yosh avlodimiz sizlardan buyuk tariximiz, qadimiy madaniyatimiz, boy sanʼat va adabiyotimiz, bugungi hayotimiz haqida yangi asarlar yaratishingizni kutmoqda. Mazmunan sayoz, badiiy nochor asarlar, koʻrsatuv va eshittirishlar, qoʻshiqlarning xalq uchun qanday ulkan maʼnaviy zarar keltirishini unutmaysiz va bunga yoʻl qoʻymaysiz, deb ishonamiz. Bu yoʻlda ilhom va zavq bilan ijod qilib, yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga erishishingizga tilakdoshmiz.

        Muhtaram din peshvolari, hurmatli ulamolar!

      Dinu diyonatli, moʻmin-musulmon xalqimiz Sizlarning eʼtiqod masalasidagi har bir fikringizni moʻtabar hujjat deb qabul qiladi. Taʼlim-tarbiya jarayonida Sizlarning alohida oʻrningiz borligini, el-yurt oldida aytadigan har bir soʻzingiz ularning hayotiga beqiyos taʼsir koʻrsatishini hammamiz yaxshi bilamiz va munosib qadrlaymiz.
Siz, azizlar, oʻz maʼruza va suhbatlaringizda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini, ota-bobolarimizdan qolgan tabarruk merosimizni, hanafiya mazhabi oʻgitlarini chuqur oʻrganish va sobit turib targʻib qilishda davom etasiz, deb umid bildiramiz. 
         Aziz vatandoshlar!

        Barchamizga ayonki, oliy maqsadlarga ilm, bilim, katta hayotiy tajriba, tinimsiz mehnat, zoʻr mashaqqatlar bilan erishiladi. Hech qanday yutuq osmondan tushmaydi. Bugun biz jonajon yurtimizda erkin, ozod va farovon hayot qurishga azmu qaror qilgan ekanmiz, el-ulus, farzandlarimiz bizga umid koʻzini tikib turganini doimo yodda tutaylik. 

         Ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashib, fidoyilik koʻrsatib yashash, milliy gʻoya, milliy mafkura bayrogʻini baland koʻtarib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilish bizning muqaddas farzandlik burchimizdir. Mana shu olijanob burchni oqlash yoʻlida barchamizga kuch-gʻayrat, baxt va omad yor boʻlsin!

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.