Respublika miqyosidagi konferensiyalardan lavhalar

Navbatdagi talabalar konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi

19.11.2020

“An’anaviy ravishda har yili ikki marotaba o’tkaziladigan «Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani onlayn ravishda barcha yosh tadqiqotchilarni jamladi.”

 Anjumanda  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti, O’zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti professor-o’qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar va talabalar ishtirok etishdi. Konferensiya quyidagi sho‘balar bo‘yicha ish olib bordi: 

I sho‘ba. Tilshunoslik. 
II sho‘ba. Adabiyotshunoslik.
III sho‘ba. Tarjimashunoslik. 

IV sho‘ba. O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi.

   Maqolalar o‘zbek, qoraqalpoq, ingliz tillarida qabul qilindi. Anjuman onlayn tarzda sho‘balarga bo‘lib o‘tkazildi.
   Konferensiyada 70 dan ortiq tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar hamda talabalar o’zlarining maqolalari bilan qatnashishdi. Ma’ruzalar savol-javob hamda munozaralarga boy bo’ldi.
   Anjuman sho‘balari hayʼati qarorlariga ko‘ra “Eng dolzarb mavzudagi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola”, “Eng tirishqoq yosh mutaxassis” yo‘nalishlarida e‘tirof etilgan talabalar alohida sertifikat bilan taqdirlanadi.

 

 

 

Adabiy manbashunoslik va matshunoslik muammolari o‘rganildi

29.10.2020

2020-yilning 29-оktabr  kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslikning dolzarb masalalari” mavzusida respublika  ilmiy-amaliy masofaviy-onlayn konferensiya tashkil etildi. 

Onlayn konferensiya ZOOM dasturida  o‘tkazildi. 

Ushbu onlayn konferensiyada Toshkent davlat sharqshunoslik instituti   professori, filologiya fanlari doktori  Qosimjon Sodiqov,  O‘zbekiston  respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmonov,  O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktor o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent  Otabek Jo‘raboyev, Urganch davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, dotsent Abdulla O‘rozboyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari qatnashdilar.

Respublika  ilmiy-amaliy masofaviy-onlayn konferensiya Matn tarixi, asliyat va tabdil muammolari, adabiy manbashunoslik va mumtoz matn talqini, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar tadqiqi, zamonaviy manbalar va folklor matnshunosligi hamda kitobat san’ati muammolari kabi yo‘nalishlarda ish olib bordi.

 

Ananaviy “Til va adabiyot: ilmiy va amaliy izlanishlar yolidagi ilk odimlar” konferensiyasi toplami elon qilindi.

 

29.09.2020

“Uzoq kutilgan to‘plam vanihoyat talabalar e’tiboriga havola etilmoqda.”

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2019-yil 30-aprelda an’anaviy “Til va adabiyot: ilmiy va amaliy izlanishlar yo‘lidagi ilk odimlar” talabalar konferensiyasi doirasida universitet miqyosida onlayn ilmiy-amaliy anjumani tashkil etilgan edi.  Ushbu konferensiyada  150 nafar universitetimiz talabalari o‘zlarining ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi.

Konferensiyaga Alisher  Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU talabalarining tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi, noshirlik ishi kabi sohalardagi ilmiy izlanishlari aks etgan maqolalari qabul qilindi.

To‘plam ancha katta, salkam ming betni tashkil etadi. Bu esa an’anaviy konferensiyada ishtirok  har yilgidanda ko‘proq ekanini bildiradi. Shuningdek, ilmiy maqolalarning mazmuni, ularda ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni o‘qib turib, talabalarimizning ilmiy salohiyatga yaxshi baho berish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu yangi to‘plamni universitet talabalarining ilmiy izlanishlari sarhisobi deyish mumkin.

Quyida kitobni pdf shaklida yuklab olishingiz mumkin.

 

 

“O‘zbek tilini ikkinchi til va xorijiy til sifatida o‘qitish masalalari: muammo, yechim,  istiqbollar” mavzusida Respublika online  ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi

 

20.05.2020

2020-yil 20-mayda Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  O‘zbek tili  kafedrasi tashkilotchiligida  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-fevraldagi 56-F son farmoyishi
2-ilovasi “2020-yilda respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi”ga asosan hamda  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topganliginig 4 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbek tilini ikkinchi til va xorijiy til sifatida o‘qitish masalalari: muammo, yechim,  istiqbollar” mavzusida Respublika online  ilmiy-amaliy anjumani ZOOM dasturi orqali o‘tkazildi. Yalpi majlisda  G.Muhamedjanova, G.A.Asilova G.Ahmedova, T.V.Loseva-Baxtiyarova (к.ф.н., доцент ИСАА МГУ, г. Москва),  Raile KASGARLİ (Istambul universiteti adabiyot fakulteti Ноzirgi turkiy tillar va adabiyotlar bo‘limi dotsenti, filologiya fanlari doktori, Istambul, Turkiya) Z.Xudaybergenova (filologiya fanlari doktori Bartin universiteti professori, Turkiya),  B. Qarayeva (Moskva davlat lingvistika universiteti o‘zbek tili  o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi M. Rahmatov (XXR Shanxay chet tillar universiteti Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tillari instituti), Shahid Tasleem, Turkiyalik olima Anqara universiteti professori  Aynur O‘zcan  kabi  10 nafardan ortiq olimlar va amaliyotchi o‘qituvchilar  ma’ruza qilishdi. Online  ilmiy-amaliy anjumanda jami 40 nafardan oshiq ishtirokchi ishtirok etib, muhokamalarda qatnashdi.

So‘ngra ma’ruzalar quyidagi sho‘balarda muhokama qilindi:

  1. Taʼlim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tili, adabiy o‘qish metodikasini takomillashtirish masalalari.
  2. Oliy taʼlim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitishning innovatsion metodlari.
  3. Multilingualizm muhitida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatish masalalari.
  4. O‘zbek tilini bilish darajalarini baholash tizimini yaratish yo‘llari.
  5. O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish masalalari. O‘zbek tilini xorijliklarga o‘rgatish bo‘yicha onlayn platforma yaratish muammolari va yechimlari.

Konferensiyada o‘zbek tilini o‘qitish ishlariga dunyo miqyosida nihoyatda katta ahamiyat berilayotganligining guvohi bo‘ldik. Zero, konferensiya bizga xorijlik hamkorlarimizning o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish  tajribasini eshitish, ular bilan o‘zaro fikr almashish imkoniyatini berdi.

 

 

Muhammad Rizo Ogahiyning o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojida tutgan o‘rni” mavzusidagi Respublika  ilmiy-nazariy, masofaviy-onlayn konferensiya tashkil etildi.

20.05.2020

2020-yilning 20-may  kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasi tomonidan Muhammad Rizo Ogahiyning o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojida tutgan o‘rnimavzusidagi Respublika  ilmiy-nazariy masofaviy-onlayn konferensiya tashkil etildi.  Konferensiya O‘zbekiston Yozuvchilar  uyushmasi bilan hamkorlikda  bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek xalqining buyuk shoiri Muhammad Rizo Ogahiyning tavalludiga 200 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur anjumanda  Respublikamizning turli ilmiy tadqiqot, oliy ta’lim musssalarida faoliyat yuritayotgan ogahiyshunos olimlar o‘z maqolalari va ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Anjumanni O‘zbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov olib bordi. Shuningdek, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti professori Ibrohim Haqqulov, Qarshi davlat universiteti professori Nafas Shodmonov, TDO‘TAU professori Nusratulla Jumaxo‘ja, Jahon tillari universiteti professori Gulnoz  Xalliyeva, Buxoro davlat universiteti Darmonoy O‘rayeva, Urganch davlat universiteti dotsenti Dilshod G‘oyipov hamda ko‘plab yetuk olimlar, yosh tadqiqotchilar Ogahiy ijodining muhim qirralari haida ma’ruza qildilar.

Anjuman qizg‘in bahs-munozaralarga, yangi ilmiy xulosalarga boy bo‘ldi. Ogahiyshunoslikda erishilgan tajribalar va kelugsida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar borasida muhokamalar ham bo‘lib o‘tdi. Tavsiyalar berildi, o‘zaro hamkorlik vazifalari belgilab olindi.

 

“Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi IV an’anaviy respublika ilmiy-nazariy anjumani o‘tkazildi.

 

06.05.2020

“Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi IV an’anaviy respublika ilmiy-nazariy anjumani 2020-yil 6-may kuni ZOOM dasturi orqali o‘tkazildi. Yig‘ilish O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri f.f.n., dotsent M.Abdullayeva raisligida bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi sho‘balar o‘z yig‘ilishini tashkillashtirib, “Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi IV an’anaviy respublika ilmiy-nazariy anjumanini yuqori saviyada  o‘tkazilishi ta’minlandi:

        “O‘zbek adabiyotini o‘qitish masalalari”. Mazkur sho‘ba yig‘ilishida ko‘zlangan asosiy maqsad adabiyot o‘qitish metodikasini zamonaviy, jahon tajribasidan o‘tgan innovatsion usullar asosida yanada rivojlantirish, metodika sohasida paydo bo‘layotgan yangicha qarashlar, yangicha g‘oyalarni abrobatsiyadan o‘tkazishdan iborat. Universitet, fakultet yoki kafedra tajribasidan kelib chiqib aytish kerakki, bunday anjumanlar sekin-astalik bilan o‘z  samarasini berib kelmoqda. Bu yilgi konferensiya uchun ham ko‘p yillik tajribaga ega ustozlarimiz, yangilikka intiluvchan yoshlarimiz yangi g‘oyalari, yangi ilmiy mushohadalari aks etgan maqolalarini taqdim etishgan. Mana shunday maqolalar sho‘ba ma’ruzasi uchun tanlab olindi.  

         “Adabiyot fanlarini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar”. Yig‘ilish davomida o‘zbek adabiyotida sharqona munosabatlar o‘z aksini topganligi, ularga e’tibor qaratish adabiy o‘qish jarayonida o‘quvchilarning shu munosabatlarga xos odob-axloqni, milliy ma’naviyatni to‘g‘ri idrok etishlari va anglashlari uchun mustahkam poydevor yaratish lozimligi ta’kidlandi. Bugungi kun o‘quvchisi adabiyot darslarini aniq va ilmiy asosda o‘zlashtirishi uchun eng avvalo, adabiyot darsliklari zamon talablariga javob berishi zarurligi qayd etildi.  Badiiy asarlarni o‘qitishda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchilarni asar g‘oyasi va mohiyatini o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etishi haqida  mulohazalar bildirildi.

“Talabalar minbari”. Yig‘ilishida universitet ilmiy va innovatsion ishlar bo‘limi boshlig‘i N. Jo‘raqo‘ziyev, komissiya a’zolari: p.f.n., dotsent T. Yusupova, f.f.n. X. Ahmedov, f.f.n. G. Jo‘rayeva, moderator katta o‘qituvchi O. Ametova,  kafedra professor-o‘qituvchilari, magistrantlar va talabalar qatnashdilar. Konferensiya materiallari sifatida ushbu sho‘baga 28 nafar talabaning maqolalari taqdim etildi.

“Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi IV an’anaviy Respublika ilmiy-nazariy anjumani qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Sho‘balar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishdi, rejadagi ishlarga o‘z vaqtida ulgurildi. Ma’ruzachilar sertifikat bilan taqdirlandi, jarayon muvaffaqiyatli yakunlandi.

 

 

 

 

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.