2021-yil 10-martda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adabiyotshunos, noshir, tadbirkor, “Akademnashr” nashriyotining bosh direktori Sanjar Nazar bilan universitet professor-o‘qituvchilari va O‘zbek tili fakulteti Noshirlik ishi ta’lim yo‘nalishi talabalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Deyarli uch soat davom etgan uchrashuvda Sanjar Nazar bugungi kun noshirlari bilishi zarur bo’lgan bilim, malaka va ko‘nikmalar haqida talabalarga batafsil ma’lumot berib, hozirgi kunda noshirlik yo‘nalishida tug‘ilayotgan kamchiliklar, bu sohani rivojlantirishning davlat uchun, millat uchun qanchalik darajada muhim ekanligi haqida so’z yuritdi. Uchrashuv davomida yoshlarning ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ularni kuchli ma’rifatparvar qilib tarbiyalash hozirgi kunda olib borilayotgan davlat siyosatining asosini tashkil qilib turgan bir paytda Noshirlik yo‘nalishini rivojlantirish biz va millatimiz uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Notiqning motivatsion nutqidan ta’sirlangan professor-o‘qituvchi va talabalar Sanjar Nazarga ko‘plab savollar bilan murojaat qilib, o‘zlariga asosli va izchil javoblarni olishdi. Uchrashuvdan ilhomlangan universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari Sanjar Nazarov boshqarayotgan nashriyot bilan turli yo‘nalishlarda innovatsion shartnomalar tuzishga va birgalikda faoliyat olib borishga kelishib olishdi.