Umumta’lim maktablari faoliyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida 2020-yil 30-oktabrdagi “Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari” muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha maktablar faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy va pedagogik mahoratini yanada oshirish, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning bilimlari va dunyoqarashini yanada oshirish hamda oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash har ikki tomon uchun manfaatli ekanini va bu har ikki tomonning asosiy vazifasi sifatida belgilanishini ta’kidlagan edilar. Shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori va Zangiota tumanidagi umumta’lim maktablari tomonidan “Hamkorlik shartnomasi” tuzildi.

Tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari universitet O‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha prorektori S.Normamatov, “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” kafedrasi mudiri M.Abdullayeva va universitet axborot xizmati xodimi otaliqqa olingan Zangiota tumanidagi 18, 23, 25- umumta’lim maktablarining umumiy ahvoli bilan yaqindan tanishib keldi. Umumta’lim maktablari pedagogik jamoasi bilan kelgusi rejalar bo‘yicha fikr almashildi. Ishchi guruh raisi S.Normamatov pedagogik jamoani OTM-maktab ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bilan tanishtirib o‘tdi.

Maktablarda faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning muammolarini o‘rgandi. “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” kafedrasi prof-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda seminar-treninglar tashkil etish, o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, pedagog-kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirish hamda ularni metodik tomondan qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tuzildi.

Ma’lumot uchun: Bitruvchi sinf o‘quvchilari bilan suhbatlar uyushtirildi. O‘quvchilarni qiynayotgan muammolar o‘rganildi va tegishli choralar ko‘rish belgilandi. Maktab bitiruvchilarini OTMlariga tayyorlash bo‘yicha maqsadli ishlarni amalga oshirish vazifalari belgilab olindi.

Maktabning tajribali pedagog-kadrlari bilan hamkorlik shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar bo‘yicha kelishib olindi. Bugungi kunda ularni qiynayotgan muammolarni yechish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. OTM va maktab o‘rtasida fanlarni o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish masalasi dolzarbligi ta’kidlandi.

Zangiota tumanidagi 23-umumta’lim maktabida O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 3-kurs talabasi Xidirova Dildora Madyor qizi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib bormoqda.

25-umumta’lim maktabi Zangiota tumanidagi kontenti katta maktablardan biridir. Bu maktabning pedagogik jamoasi 55 nafar o‘qituvchini tashkil qiladi. Kun davomida mazkur maktabning umumiy ahvoli ham ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi. Oldinda turgan zarur masalalar bo‘yicha kelishib olindi. Kelgusida pedagog-o‘qituvchilarning salohiyatini diagnostika qilish va mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish choralari ko‘riladi.

25- maktabda esa O‘zbek tili va adabiyoti fakultetining 2 nafar bitiruvchisi Jo‘nashaliyeva Toiba va Navro‘zova Hosiyat ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Shu tumanning 18-umumta’lim maktabida Filologiya va tillarni o‘qitish fakultetini tamomlagan Abduraimov Dilshod ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi lavozimida ishlab kelmoqda. Hozirda magistraturada adabiyotshunoslik ixtisosligi bo‘yicha 1-kurs magistri.

Ishchi guruhning kun tartibida har bir maktabning kutubxona fondi ham o‘rganilib, universitet tomonidan o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun zaruriy o‘quv, metodik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlashga amaliy ko‘mak berish vazifasi belgilandi.

 

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.