Bugungi kunda yurtimizdagi milliy OTMlar oʻrtasida professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati boʻyicha eng yuqori oʻrini qayd etgan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetidagi oʻqituvchilarning 55,1 % ilmiy unvon va darajalarga ega, ushbu oliygohda faoliyati olib borayotgan jami 176 nafar oʻqituvchilardan 29 nafari fan doktori va professor, 68 nafari fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega. Ushbu indikator boʻyicha navbatdagi oʻrinlarni Oʻzbekiston milliy universiteti (52,7 %), Samarqand davlat universiteti (51,3 %) egallagan.
Ilmiy salohiyat boʻyicha eng past koʻrsatkich Samarqand davlat chet tillar instituti (21,3%), Termiz davlat universiteti (20,7%), Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (20,7%), Fargʻona politexnika instituti (19,8%) va Qoʻqon davlat pedagogika instituti (19,4%)da qayd etilgan.
Soʻnggi bir yil ichida milliy OTMlarning asosiy shtatdagi professor-oʻqituvchilar soni 10,6%ga, talabalar soni 25,4%ga, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki professor unvoniga ega professor-oʻqituvchilar 11,0%, fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor-oʻqituvchilar 10,1%, dissertatsiya himoyalari (shuningdek, ilmiy darajaga ega boʻlmay professor ilmiy unvonini yoki dotsent ilmiy unvonini olgan yoki ularga tenglashtirilgan) 41,1% ga oshgan.
Joriy yilda eʼlon qilingan milliy OTMlar reytingi jami 20 ta indikator orqali aniqlandi. Professor-oʻqituvchilar ilmiy salohiyati esa ulardan biri hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyida mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingi (2020-yil 1-yanvar holatiga) eʼlon qilingandi. Joriy yilgi reytingda Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi oʻrinlarni egallagan.
Manba: www.tdi.uz