
“Unda shu fanlarni o‘qitish sifatini oshirish, qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.”
2020-yil 1-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti professor-o‘qituvchilari va Toshkent shahar Xalq ta’limi Bosh boshqarmasi Ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili fanlari bo‘yicha metodisti N.Matlatipova va Toshkent shahridagi barcha tumanlar xalq ta’limi boshqarmalari Ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili fanlari bo‘yicha metodistlarining davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida
2020-yil 30-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 86-sonli Bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 21-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Musayev tomonidan tasdiqlangan “Toshkent shahar umumta’lim muassasalari pedagoglarini fanlar kesimida o‘quv-uslubiy qo‘llab-quvvatlash, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarni tashkil qilish uchun biriktirilgan oliy ta’lim muassalari ro‘yxati” ijro uchun qabul qilinib, tumanlar bilan hamkorlik rejalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda har ikki tomonning reja yuzasidan bildirgan fikrlari qizg‘in muhokama qilindi va tuzilajak rejaning muhim va dolzarb bandlari belgilab olindi. Xususan, unda universitet professor-o‘qituvchilari va Toshkent shahar umumta’lim muassasalari pedagoglari hamkorligida elektron o‘quv materiallarini ishlab chiqish, metodik ishlanmalar tayyorlash, doimiy ravishda o‘qituvchilarga fan yangiliklarini yetkazib borish maqsadida amaliy seminar-treninglar o‘tkazish, hammualliflikda o‘quv adabiyotlarini yaratish, davlat va fan olimpiadalarini o‘tkazishda hamkorlik qilish, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qilish kabi ko‘plab masalalar yuzasidan kelishib olindi. Hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar tashkil qilib, muntazam ravishda fikr almashib turish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, ta’lim jarayoni sifatini yaxshilashga qaratilgan takliflarni yig‘ish uchun maxsus telegram guruhi tashkil qilindi.