Ma’rifatparvar jadidlar “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi

“Ayni daqiqalarda Xalqaro kongress markazida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tmoqda.”

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Unda davlatimiz rahbari so‘zga chiqib, yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi. Tabrikda millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar qilib tarbiyalayotgan zahmatkash va oliyjanob ustozlarimizga chin dildan minnatdorlik bildirildi. Jamiyatimizda ustozlarga bo‘lgan hurmat, ularning obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish borasidagi ishlarning pirovard maqsadi, yurtimizda ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, taraqqiyotimiz uchun zarur intellektual avlodni tarbiyalashga qaratilgani alohida ta’kidlandi.

Tantanali tadbir videoaloqa shaklida tashkil etilgan bo‘lib, unda respublikamizning barcha hududlaridan o‘qituvchi va murabbiylar, ziyolilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqdalar.

 

Prezident o’z nutqida O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqimizning ozodligi va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni  bilan taqdirlanganini ta’kidladi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.