
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 592-son (2020.28.09.) qarori qarori asosida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy qilingan edi.”
Mazkur qaror asosida “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajsaini aniqlash tartibi to‘g‘risida Nizom” tasdiqlandi. Nizomda davlat tili bo‘yicha sinov imtihonini tashkil etish, davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikat berish tartibi hamda davlat tilini bilishga qo‘yiladigan minimal talablar belgilab berildi. Ushbu vazifa ijrosi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markaziga yuklatilgan edi. Markazning tegishli buyrug‘i asosida imtihon o‘tkazish komissiyasi tuzildi, yuqoridagi talablar asosida sinov imtihoni (test, yozma, og‘zaki) uchun savol va topshiriqlar majmui ishlab chiqildi. Sinov imtihoni test, og‘zaki, yozma shakllarda o‘tkaziladi. Test talabgorning kundalik turmushida foydalanuvchi sodda xabarlar, til egasi bilan tanish va maxsus mavzuda muloqotga kirishganda foydalaniladigan ma’lumotlar asosida tuzilgan 10 ta mantiqiy savollardan iborat. Test sinovi uchun maksimal ball – 30 ball. Yozma sinov shakli diktant shaklida yoki talabgorning sodda anketalarni shaxsiy ma’lumot bilan to‘ldira oltshi, rasmiy xat, ish yuritish qog‘ozlarini yoza olish darajasini aniqlash maqsadida ma’lum bir topshiriqni yozish tarzida o‘tkaziladi. Yozma sinov uchun maksimal ball – 30 ball. Og‘zaki sinov shakli talabgorning o‘zi haqida og‘zaki ma’lumot bera olish, ijtimoiy-maishiy mavzuda taklif etilgan mavzularda o‘z fikrini bildira olish, hikoya yoki muhokama mazmunini sodda iboralar bilan qisqacha gapirib bera olish darajasini bilish maqsadida tuzilgan savollar asosida tashkil qilinadi. Og‘zaki sinov uchun maksimal ball – 40 ball. Sinov imtihoni yakunlari bo‘yicha bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizidan (50 balldan) kam ball olgan talabgor sinov imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun sinov imtihoni o‘tkazilgan va qayta qatnashish uchun sinov imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin ariza bilan murojaat qiladi. Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalarida fuqarolik olishga talabgorlar uchun sinov imtihonlari tashkil qilindi. Sinov imtihonlari test, yozma, og‘zaki shakllarda tashkil qilindi. Imtihon jarayonlarida Davlat tilini rivojlantirish departamenti mutaxassisi F.Hayitov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi O.Jamoliddinova, Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Yunusxo‘jayevlar ishtirok etishdi. Markaz direktori I.Azimov va tashrif buyurgan mehmonlar mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib, talabgorlarga bugungi sinovlarda omad tiladilar. Markazda tashkil qilingan imtihonda 35 nafar, respublika bo‘yicha jami 258 nafar talabgor ishtirok etdi.