Vatan himoyasi – muqaddas burch!

“14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni”

      Bugungi kunda hayotning o‘zi Qurolli Kuchlarni boshqarish, rejalashtirish va qo‘llash tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan keng foydalanish, boshqaruvning informatsion vositalari va harbiy aloqa tizimlarini uyg‘unlashtirishni, Qurolli Kuchlarimiz axborot-kommunikasiyalarining raqamli yagona tarmog‘ini yaratishni taqozo etmoqda. Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda, avvalo,  O‘zbekistonning mintaqamizda va hozirgi dunyoda tutgan geostrategik va geosiyosiy o‘rnini, mamlakatimiz havfsizligiga qarshi qaratilgan jiddiy ichki va tashqi tahdid va xatarlarni, ayniqsa, kuchayib va faollashib borayotgan xalqaro terrorchilik, ekstremizm, toborа ko‘lami kengayib borayotgan narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolarni hisobga olgan holda ish tutdik. Armiyamiz jahon harbiy qurilishining eng ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ayni paytda milliy jangovar an’analarimizni yuksak sadoqat bilan davom ettirmoqda, shu bilan birga, mintaqamizda ro‘y berish ehtimoli mavjud bo‘lgan harbiy harakatlar va jangovar amaliyotlar ham har tomonlama e’tiborga olinmoqda. 

       Harbiy o‘quv yurtlarimizdagi ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda, ularda bo‘lg‘usi ofitserlarni tayyorlash va tarbiyalash hozirgi zamon talablariga to‘la mos keladigan, prinsipial jihatdan mutlaqo yangi bo‘lgan o‘quv-texnik va ma’naviy-ahloqiy asosda yo‘lga qo‘yilgan. Armiya saflariga, avvalombor, mustaqil va suveren O‘zbekistonimizga xizmat qilish, uning manfaatlari va sarhadlarini, xalqimizning tinch va osuda hayotini himoya etishga azmu qaror qilgan mard va fidoyi, intellektual jihatdan tarbiya topgan yetuk kadrlar keladi. 

     O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohatlar tufayli yurtimiz xavfsizligini, sarhadlarimiz dahlsizligini ishonchli himoya qilishga, aholimizning tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, tezkor, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllantirildi.   

      Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti tomonidan 2021-yilning 14-yanvar kuni Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o’tkazilgan bayram tadbirida yuqoridagi fikrlar ta’kidlandi.  Tadbirda universitet rahbariyati, mehmonlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Bayramni Yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prorektor Abdulhay Sobirov tomonidan ochib berdi. Talabalar tomonidan tayyorlangan videoroliklar, sanaga atalgan qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari professor-o‘qituvchilar va universitet mehmonlariga bayram kayfiyatini ulashdi.

       Ta’lim muassasalarida “Vatan himoyachilari kuni” tadbirlarini o‘tkazishning mazmun-mohiyati shundan iboratki, o‘quvchilardan Respublikamiz Qurolli kuchlarining salohiyati va obro‘si, mamlakatimiz mustaqilligi hamda hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini keng yoritib berish, ularni o‘z vataniga sodiq va fidoiy insonlar etib tarbiyalash barcha ta’lim muassasalarining pedagogik jamoasining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Bugungi kunda o‘quvchi yoshlarda vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimioy hamkorlik kabi milliy g‘oyalarning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, bu ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish an’anaga aylanib bormoqda. Yoshlarni harbiy xizmatga kuzatish marosimlarini tantanali o‘tkazish ham vatanparvarlik tizimiga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, bugungi kunda har bir yigit qizning orzusi va burchidir.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.