“Universitetning birinchi kurs talabalari rektordan motivatsiya olishdi.”
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov har kuni bu yil talabalikka qabul qilingan va tavsiya etilgan talabalar bilan suhbatlashmoqda. Bugun universitet rektori O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili fakultetiga qabul qilingan talabalar bilan tanishdi. Ularga ushbu fakultetni tashkil etishdan ko‘zlangan katta maqsadlar, ta’lim jarayonidagi yangiliklar, kelgusida ularni kutayotgan turli xorijiy almashinuv dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ularga o‘qishlarida omad tilab, hech bir soniyani bekor o‘tkazmaslik, doimo o‘zlari, bilimlari ustida ishlashlashlari kerak ekanligini uqtirdi. Ushbu fakultetni bitirib chiqqan malakali kadrlarga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham talab kuchli ekanini, turli nufuzli universitetlar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy maktablar ushbu yo‘nalish bitiruvchilarini ishga olishga tayyor ekanligini aytdi. Talabalar ham o‘z navbatida bildirilayotgan ishonchga, yaratilayotgan shart-sharoitlarga munosib bo‘lishga va’da berishdi.