“Shavkat Mirziyoyev «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.”
Farmonga muvofiq, 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
2025-yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
2030-yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025-yilga qadar 120 taga, 2030-yilgacha esa 140 taga yetkazish;
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “O‘zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish;
2020-yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;
teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;
2025-yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030-yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;
dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;
xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;
2030-yilga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish;
2025-yilga qadar “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari sonini 30 taga, 2030-yilgacha esa 40 taga yetkazish.