“Milliy libos – ma’naviyat ko‘zgusi” nomli tadbir o’tkazildi.

2020 yil 6 mart kuni “Milliy libos – ma’naviyat ko‘zgusi” nomli tadbir o‘tkazildi. Tadbirda yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A.Sobirov,  O‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor S.Normamatov, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani B.Abdushukurov hamda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, 12 nafar professor-o‘qituvchi hamda 174  nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A.Sobirov so‘z olib, u o‘z nutqida milliy liboslarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida to‘xtalib, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning tartib bilan, ozoda kiyinish atrofdagilarning ma’naviyatiga ham ijobiy ta’sir qilishini alohida ta’kidladi.

Shundan o‘ng talaba-yoshlar tomonidan milliy liboslar taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotlar muhokamasi bo‘yicha O‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor S.Normamatov so‘zga chiqib, quyidagilar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Milliy qadriyatlarimiz ildizlari ham xalqimizning qadimiy tarixiga borib taqaladi. Ularda dono ota-bobolarimizning hayot haqidagi, dunyo haqidagi, oqibat haqidagi falsafiy qarashlari, imon-e’tiqodi, o‘zaro munosabatlari o‘z ifodasini topgan. Har bir milliy qadriyatimiz xalqimiz yuksak ma’naviy dunyoqarashining bir bo‘lagi sifatida biz uchun juda qadrlidir. Ularni asrab-avaylash, yoshlarimiz ongiga singdirish, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ularni har xil ma’naviy tahdidlar va xurujlardan saqlash har bir oqil ota-onaning eng muqaddas burchidir. Ammo yana afsus bilan qayd etish lozimki, bugungi kunda milliy qadriyatlarimiz borasida ham ayrim salbiy holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bulardan eng ko‘p uchraydigani to‘y va ma’rakalardagi dabdababozlik, isrofgarchilikning avj olganidir. Buning natijasida qadimiy an’analarimizga – u xoh to‘y-tomosha bo‘lsin, xoh musibat bilan bog‘liq marosim bo‘lsin – zamonaviylik bahonasida yangidan yangi keraksiz bid’atlar qo‘shilmoqda. Bularning natijasida ayrim oilalarda moddiy yetishmovchilik vujudga kelishi bir muammo bo‘lsa, to‘y-tomoshalardagi ortiqcha dabdabalar, manmanliklar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, ularning axloqida kibru havo, xudbinlik, atrofdagilarga past nazar bilan qarash, yosh oilalarning buzilishi eng katta ma’naviy-axloqiy muammolardandir. Bugun  zimmamizdagi eng katta vazifalardan biri yoshlarimiz tarbiyasida ana shunday salbiy holatlar ta’siri haqida teran fikr yuritib, milliy qadriyatlarimizning o‘ziga xos jozibasi, ma’naviy-axloqiy ahamiyatini hisobga olish zarur bo‘ladi.

Shuning uchun aytishim mumkinki, milliy libos elementlarining zamonaviy liboslarda aks etishi, birinchidan, tarixni bilishda, ikkinchidan, ajdodlarimizning yashash tarzi va hayotini o‘rganishda, uchunchidan esa, yoshlarda vatanparvarlikning yuksalishida ko‘maklashadi.

Tadbir so‘ngida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A.Sobirov tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, tadbirni yakunladi.

Tadbir universitetning rasmiy veb sayti (www.navoiy-uni.uz) hamda feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi veb sahifalarida yoritildi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.