Milliy kinologiya markazi bilan hamkorlikda adiblar xiyobonida davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 502-sonli qarori talablariga asosan Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a’zolari yozuvchi va shoirlarning hayoti, ijodi bilan tanishtirish maqsadida Adiblar xiyobonida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i, shoira F.Xudoyqulova va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti A.Ulug‘ovlar ishtirok etdilar.

Dastavval, Markaz xodimlari Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yishdi hamda ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchisi, adabiyotshunos olim Abdulla Ulug‘ov Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar berdi. Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelayotganligini, mamlakatimizda ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish, uni dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, F.Xudoyqulova so‘zga chiqib Alisher Navoiyni o‘qib o‘rganish, targ‘ib qilish, ayniqsa, yoshlarimizga o‘zligini anglatish, ma’naviyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida, umuminsoniy g‘oyalar asosida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Markaz yoshlari Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy,  Behbudiy, Hamid Olimjon, Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunovalar hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi. Adiblar xiyobonida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.