“Islom ensiklopediyasi” birinchi jildining taqdimoti o‘tkazildi

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom ensiklopediyasi” nashrining yangidan tayyorlangan birinchi jildi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida ZOOM platformasi orqali onlayn tadbir tashkil etildi.

Onlayn anjumanda keng qamrovli va koʻp jildli “Islom ensiklopediyasi” 1-tomining yaratilish jarayonlari haqida toʻliq maʼlumot berildi. Qator olimlar tomonidan bu borada fikr-mulohazalar bildirildi.

Mazkur nashr Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tayyorlanmoqda, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov. – “Islom ensiklopediyasi” ilmiy-akademik nashr boʻlib, u respublikamiz ilmiy jamoatchiligi, taniqli professor-oʻqituvchilar, islomshunos olimlar hamda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Jazoir, Rossiya, va Qozogʻiston davlatlari mashhur olimlari hamkorligida tayyorlanmoqda. Shu bois ham mazkur nashr jahon ilm-fani taraqqiyotida oʻziga xos ahamiyat kasb etadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tadbirda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov soʻzga chiqib, mazkur ensiklopediyaning mazmun-mohiyati xususida toʻxtaldi.

– “Islom ensiklopediyasi” reja boʻyicha 20 jilddan iborat boʻladi, – deydi Muzaffar Komilov. – Ensiklopediyada 60 mingdan ziyod maqola oʻrin olishi kutilmoqda. Keng qamrovli, akademik nashrda dinimiz ravnaqiga hissa qoʻshgan buyuk shaxslarning ilmiy faoliyati, islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, sahoba va tobeʼinlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va soʻz birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar oʻrin olgan. Ayrim shaxslar, voqealar, atamalar ilk marta ilmiy muomalaga kiritildi. Avval tayyorlangan kitoblardan farqli ravishda yangi manbalar bilan boyitilgan mazkur ensiklopediya ilm ahli uchun noyob tuhfa boʻldi, desak adashmagan boʻlamiz.

            Darhaqiqat, ensiklopediya oʻzining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, ilgari chop etilgan arab, turk, urdu, fors, ingliz, nemis, fransuz tillaridagi Islom ensiklopediyalaridan tubdan farq qiladi. Kitobni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun anʼanaviy boʻlgan xanafiy-moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqib yondashilgan. Maqolalar yozilishida ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan. Maqolalarning akcariyat qismi birlamchi manbalar – Qurʼon, tafsir, Hadis, ilmiy-maʼrifiy tadqiqotlarga asoslangan.

– “Islom ensiklopediyasi” – bugungi kungacha butun ajdodlarimiz tomonidan yigʻilgan islom olami bilan bogʻliq ilmiy-maʼrifiy, maʼnaviy meros sanaladi, – deydi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi Otabek Bozorov. – Mazkur ensiklopediya “Uchinchi Renessans” uchun katta poydevor, muhim manba boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Bu kitob xalqimiz va har bir yosh uchun diniy-maʼrifiy bilimlar berish bilan birgalikda, Imom Buxoriy aytganlaridek, “Najotni ilmdan izlash uchun” xizmat qiladi, deb oʻylayman.

            Onlayn taqdimotda universitet yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Axborot-resurs markazi hodimlari ishtirok etdi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.