“Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi oradan 8 yil o‘tib qayta chop etildi

“Bugun universitetimizda Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda qayta ishlangan va to‘ldirilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi.”

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, filologiya fanlari doktori Abdulhay Sobirov va boshqalar bugungi kunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Zamon shiddat bilan rivojlanib, taraqqiy etayotgan bir paytda aynan bu kitobga ehtiyoj borligi ta’kidlandi.

– Davlat tilining nufuzi va uning qadr-qimmati uchun kurashish har bir davlatning rivojlanishdagi milliy manfaati hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda Davlat tili haqidagi masala davlat siyosatining haqiqiy o‘zagiga aylandi. Shuning natijasida ham O‘zbekistonda yuritilayotgan til siyosatini xolis til siyosati, deya atash mumkin. “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasining ilk nashri 1990 yil chiqqan. Undan keyin chop etilgan kitoblar ham o‘z davrida muhim qo‘llanma hisoblangan. Ammo zamon yangilanish, o‘zgarishga tomon yuz burgandan so‘ng bu qo‘llanmaning ham yangi va mukammal nashriga ehtiyoj bor edi. 

(Nizomiddin Mahmudov – filologiya fanlari doktori)

“O‘zbekiston” nashriyotida 3 ming nusxada chop etilgan qo‘llanma tashkiliy hujjatlar, farmoyish hujjatlari, ma’lumot-axborot hujjatlari va xizmat yozishmalari boblaridan iborat.

– Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat tili maqomi, nufuzini tubdan oshirishga, mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob ushbu sa’y-harakatlarning natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kitob oradan 8 yil o‘tib qayta chop etildi. Shu oraliqda jamiyatda ro‘y bergan islohotlar tufayli ish yuritishda qo‘llanilmaydigan, bugungi kunda ehtiyoj bo‘lmagan hujjatla10r qo‘llanmaga kiritilmadi. Ma’lumotlar qayta ishlandi, to‘ldirildi, tahrir qilindi. Eng muhimi, foydalanuvchiga yanada tushunarli va har bir misraning mazmundor bo‘lishi uchun harakat qildik. 

(Yorqinjon Odilov – filologiya fanlari doktori)

Qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ish yuritishga oid lug‘at berilgan.

Qo‘llanma, avvalo, tashkilotlar rahbari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan. Undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishi mumkin.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.