Turkiy xalqlarning bobokalon shoiri va mutafakkiri Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga yo‘llovchi bilim”) asari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan nodir nashrlardan biri bo‘lib, Venadagi Imperatorlik va Qirollik saroyi kutubxonasida saqlanayotgan nusxasining faksimilesidir.
«Qutadg‘u bilig»ning badiiyligi juda yuqori. Undagi har bir qirra, voqyealardagi hayotiylik va shoir xayoli o‘zaro uyg‘unlashgan. Shoirning tasvirlari yorqin, tili nihoyatda shirali, mazmunga boy. Uning juda ko‘p baytlari hikmatli so‘z (aforizm) darajasiga ko‘tarilgan. Har bir bayt tugal tasvir (yaxlit obraz) beradi. Kitobning kirish qismida rus va nemis tillarida asar haqida qisqa ma’lumot berilgan.
«Qutadg‘u bilig» kitobi birinchi navbatda, xoqon va beklar, ya’ni yurtning hukmdorlari uchun atab yozilgandir. «Qutadg‘u bilig» XI asr so‘z san’atining nodir namunasi bo‘lib, unda o‘z davrining ilg‘or ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va an’analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma’lumot berilgan. «Qutadg‘u bilig»ning «Til odobi» («Til ardami») deb nomlangan 7-bobida muallif tilning jamiyat va madaniy hayotdagi o‘rni, dunyoni, uning sir-sinoatlarini bilish va o‘rganishdagi ahamiyati, til ilmi, nutq odobi va notiqlik san’ati kabi masalalar haqida fikr yuritadi.
Yusuf Xos Hojib ijodi «Qutadg‘u bilig» kitobida atroflicha ochib berilganligi bizga uning o‘z zamonasining barcha asosiy ilmlarini puxta o‘rgangan, arab va fors tillarini mukammal egallaganidan darak beradi. Muallif har jihatdan yetuk, komil inson bo‘lish uchun o‘z davridagi tabobat va ilmi nujumdan tortib barcha tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish va puxta o‘zlashtirish zarurligini qayd etadi.
Yusuf Xos Hojib o‘z zamonasining yirik donishmandi, ilm-ma’rifat jarchisi va homiysi sifatida bilimni baxt-saodatga erishishning bosh kaliti deb hisoblaydi.
manba: natlib.uz