Qodiriyga “boshqacharoq” ko‘ringan kimsalarning avlodlari hozir ham yonimizda

“Boy va qadim tarixga, dunyodagi bironta tilda uchramaydigan o‘ta noyob iboralar, betakror so‘zlarga, ulkan lisoniy xazinaga ega bo‘lgan holda o‘tgan asrda o‘zbek tili o‘ta mashaqqatli, og‘ir sinov damlarini boshidan o‘tkazdi. ”

 

Ulug‘ bobokalonimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘tgan asrning ikkinchi yarmida til sohasida olib borilgan bir yoqlama siyosatni, sobiq ittifoq rahbariyatining milliy tillarga nisbatan zimdan o‘tkazgan tazyiqini sezib, o‘sha paytlari o‘zbek tili taqdiri oldida turgan ulkan xavfdan bizni shunday deb ogohlantirgan edi: “Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlashmayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.”
Boy va qadim tarixga, dunyodagi bironta tilda uchramaydigan o‘ta noyob iboralar, betakror so‘zlarga, ulkan lisoniy xazinaga ega bo‘lgan holda o‘tgan asrda o‘zbek tili o‘ta mashaqqatli, og‘ir sinov damlarini boshidan o‘tkazdi. Tashqi va ichki g‘animlarimiz qaerdaki o‘zbek tilida yozilgan noyob yozuvlar bo‘lsa, yo‘qotish payida bo‘ldi, ilm maskanlari, kitoblar g‘orat qilindi, o‘zbek tilining sara bilimdonlari, ma’naviyatimiz darg‘alari quvg‘in ostiga ostiga olindi.
Alisher Navoiyning asarlari asl holatida o‘quvchilarga taqdim etilmadi, “Temur tuzuklari”ga “chop etmaslik” tamg‘asi bosildi, Abrurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy singari yurt fidoiylari xalq dushmanlari deb e’lon qilindi. Bularning barchasi millat tamadduni, ona tili taraqqiyoti yo‘llariga qo‘yilgan sun’iy g‘ovlar edi. Bu qanday bedodlik ediki, millat uchun, ona tili rivoji uchun kurashganlarni uning dushmani deb e’lon qilsalar?!
Maqsad nima edi? Ularga mute, labbaygo‘y, tarixidan musovo bo‘lgan qatlam kerak edi. Ma’lum bir ma’noda bunga erishdilar ham.

Aslida, shunga loyiqmidik? Yo‘q, albatta! Ular nimadan qo‘rqqan edi? Ularning yuragiga g‘ulu solgan narsa olis tarix qa’ridan kelayotgan o‘zbek – turkiy tilning o‘ktam ovozi, gulduros qudrati edi. O‘tmishda Buyuk ipak yo‘lida asosiy muloqot tillaridan biri bo‘lgan o‘zbek tili yurtimizda boshqaruvni qo‘llariga olgan kimsalarga cho‘g‘ bo‘lib ko‘rindi.
Qaysi bir sohani olib qaramasinlar, turkiy til, ya’ni o‘zbek tili satrlar qa’ridan sizib chiqib kelaverdi. Iqtisodiy, tibbiy, harbiy, tijorat sohalarda qo‘llangan behisob so‘z va atamalar oldida boshqa tillar ojiz bo‘lib qoldi. Solishtirib qaralganda o‘zbek tili ularning tillariga qaraganda tarixan “soqov” emas, balki anchagina “biyron” bo‘lib chiqdi. Aynan mana shu vajdan ular yurtimizda o‘zlariga moslab ayricha til siyosatini olib bordi. Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi” degan hikmatomuz maqol bor. Ona tilimiz yo‘llariga qanchalik to‘siqlarni qo‘ymasinlar, o‘zbek tili o‘zligini, ko‘rkam so‘zligini, tarixiy qudratini aslo yo‘qotmadi. Yillar va asrlar osha xalqimizning vijdoni, iymoni, ma’naviyati va ma’rifatining o‘lmas timsoli bo‘lib yashayverdi… Mustaqillik haqida to‘lib-toshib gapirish mumkin. U tufayli erishgan yutuqlarimiz ko‘p, ammo eng muhimi va asosiysi bu – til sohasidagi erkinlik, o‘zbek tilining tom ma’nodagi mustaqilligidir. Buning mohiyatini hamma ham sezavermadi va, ming afsuski, hamon sezmayotir. Bir rivoyatda keltirilganidek, zanjirband filni ozod qilganlarida ham u o‘zini bog‘langan deb hisoblab, turgan joyidan ketmagani singari oradan shuncha yillar o‘tsa ham dunyoqarashi mutelik iskanjasidan qutila olmayotgan yurtdoshlarimizning ona tilimizga qarashlari o‘zgarmadi. Ularning nazarida “go‘yoki o‘zbek tili kambag‘al emish”. Ammo Abdulla Qodiriy ta’biri bilan aytganimizda: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, o‘zbek tilini kambag‘al deganlarning o‘zi kambag‘al, ular o‘zlarining nodonligini o‘zbek tiliga to‘nkashadi”. Mana, sizga haqiqat.
Shu o‘rnida o‘ylab qolaman. Beruniy dahosining siri nimada? U 120 dan ortiq tilda erkin gaplasha olgan. Demak, boshqalarga nasib qilmagan ilm sirlarini u o‘zi boxabar bo‘lgan tillar orqali olgan, alloma ilmining kemtik joylari faqat ungagina ma’lum bo‘lgan dunyo tillaridagi ma’lumotlar orqali o‘z sayqalini topib borgan. Forobiy dunyoqarashining kengligi ostida ham undagi lisoniy bag‘rikenglik tushunchasi bor. Al-Xorazmiy, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib, qo‘yingki, o‘zbek ilm-fani, madaniyati va san’ati rivojiga tamal toshini qo‘yib ketgan barcha allomalar eng kamida uchta tildan xabardor bo‘lishgan. Bu ularga dunyoni anglashda ulkan imkoniyatlar eshigini ochib bergan. O‘zbek adabiy tili asoschisi sanalgan hazrat Alisher Navoiy ham arab, fors tillaridan mukammal xabardor bo‘lgan. Demak, qanchalik ko‘p tilni bilsang, ularni solishtirish, qiyoslash, ona tilining ulkan imkoniyatlarini boshqalardan ko‘ra ikki-uch hissa ko‘proq bilish qobiliyatiga ega bo‘lar ekansan. Bugun bir qancha tillardan xabardor bo‘lgan fizika, matematika, kimyo, informatika va hokazo fanlar bo‘yicha yetuk bo‘lgan mutaxassislarimiz, allomayu zamonlar nega shunday qilishmaydi? Chunki, ularda ona tilidan faxrlanish, g‘ururlanish hissi yo‘q. O‘zga tilning ta’siriga tushgan bo‘yi unga mahliyo bo‘lib qotib qolgan.

Bugun dunyo manzarasi o‘zgardi. O‘zining ona tillarini ilm-fan, texnika tillariga aylantirishning uddasidan chiqa olgan ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy, yapon xalqlari tillari jahonda ustuvorlik kasb etmoqda. O‘zbek tili ular kabi mana shunday sharafga loyiq emasmi? Shunday savolni qo‘yib javobini kutadigan bo‘lsak, har tarafdan, o‘tmishdan, dunyoning olis puchmoqlaridan, kelajakdan aks-sado qaytishi aniq: “LOYIQ!”. Loyiqligini isbotlashga urinish allaqachon boshlagan. Taassuflar bo‘lsinkim, Qodiriyga “boshqacharoq” ko‘ringan kimsalarning avlodlari hozir ham yonimizda, ularning nazarida o‘zbek tili ilm-fan, texnika, komp’yuter tiliga aylana olmaydi. Bunday fikrlar millat tamadduni uchun g‘oyatda xavflidir. To‘g‘ri, o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘llarida yotgan ko‘rinmas g‘ovlar, Navoiy ta’biricha “tikonlar”, “ilonlar” ko‘p. Faqat shu yo‘lda qo‘rqmay, sabot bilan tura bilish kerak. Shunday “g‘ovlar”dan eng kattasini – loqaydlik, sustkashlik “toshi”ni Prezidentimiz o‘tgan yili 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganing 30 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida olib tashladi. Shavkat Mirziyoevning “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir” degan so‘zlari nafaqat yuragimizda olam-olam sevinch, iftixor tuyg‘ularni uyg‘otadi, balki zimmamizga ulkan vazifalarni yukladi ham. Bundan qo‘rqmaslik va cho‘chimaslik kerak. “Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi”, “Intilganga tole yor” deydilar. Ona tili va uning mavqei uchun kurashish sharafli va ayni paytda o‘ta mas’uliyatli ishdir. O‘rni kelganda ta’kidlab o‘tish joizki, 2016-yilning 13-may kuni tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ham ona tilimizga bo‘lgan e’tiborning ibratomuz namunasi edi. Hozir ushbu dargohda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha tegishli fanlarni zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida o‘qitish, o‘zbek tilining xalqaro maydonlardagi nufuzini oshirish yuzasidan ko‘plab diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilyapti. Dunyoning 70 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi bilan ilmiy aloqalar o‘rnatildi, o‘nlab davlatlarda “O‘zbek tili va madaniyati markazlari” tashkil etildi, 3 ta xalqaro jurnal qayddan o‘tkazildi, 300 dan ortiq talaba va professor-o‘qituvchi xorijda tajriba almashib qaytdi. Olimlarimiz ajdodlarimizning asarlarini butun dunyo mutolaa qilayotgani haqida to‘lqinlanib gapirishgan bo‘lsa, ularning asarlari dunyo minbarlarida o‘zbek tilida jaranglashi bo‘yicha ezgu istaklarini ham bildirishgan edi. Mana, o‘sha kunlar yetib keldi. 2020-yil 23-sentabr. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib so‘zlangan o‘zbek tilidagi ilk nutq ota-bobolarimiz orzu qilgan, hazrat Alisher Navoiy jiddu jahdi bilan kurashgan ona tiliga e’tiborning yana bir yorqin isboti bo‘ldi. Shavkat Mirziyoevning nutqidan o‘rin olgan masalalar sodda, lo‘nda, izchil, barchaga tushunarli bo‘lgan tilda bayon etib berildi.
Yaqinda keng nishonlanadigan “O‘zbek tili bayrami kuni” oldidan Prezident tomonidan oliy darajadagi bunday nutqning irod qilinishi yurtimizda davlat tiliga, uning taqdiriga bo‘layotgan ulkan e’tibor nishonasidir. Bir so‘z bilan aytganda, nutq orqali O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablari fonida ona tilimizning jamiyatdagi va xalqaro maydondagi o‘rni hamda nufuzini oshirish bo‘yicha xayrli ishlarga start berildi. Til masalasi millat o‘tmishi, buguni, kelajagi, muayyan jamiyat a’zolarining ma’naviyati, e’tiqodi, qadriyatlari bilan bog‘liq eng muhim masala sanalgani bois, unga aslo befarq qarab bo‘lmasligini Prezident nutqi ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbari ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish borasidagi ishlarni dadil, mardona boshlab berdi. Endigi gal siz-u bizniki – hammamizniki!

Abdulhay Sobirov,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti professori,
filologiya fanlari doktori

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.