“Bugunning zamonaviy yoshlari dunyoqarashiga milliylik va insonparvarlikning singishida o‘zbek mumtoz adabiyoti, xususan hazrat Navoiy ijodining o‘rni beqiyos. Ushbu darslik har bir talabaga Navoiy merosidan bahramand bo‘lishga ko’maklashadi.”
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov, filologiya fanlari doktori, dosent Dilnavoz Yusupova, filologiya bo‘yicha falsafa doktori Olimjon Davlatovlar tomonidan yaratilgan yangi “Navoiyshunoslik” darsligi barcha nofilologik yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan talabalar uchun yaxshi qo‘llanma bo‘la oladi.
Kitobda Alisher Navoiy hayoti va ijodi hamda asarlari poyetikasi bilan bog‘liq eng muhim ma’lumotlar qamrab olingan.
Shuningdek, darslik navoiyshunoslikda qo‘lga kiritilgan eng so‘nggi yutuqlarni o‘zida aks ettirganligi bilan ham ahamiyatlidir. U 3000 nusxada “Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etildi.