Alisher Navoiy universitetida Fors tili va madaniyati markazi tashkil etiladi.

      “Bugun, 17-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi madaniyat ishlari maslahatchisi Mo‘xsin Pirmo‘xsiniy bilan uchrashdi. ”

Suhbat davomida elchixona bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida fikr almashildi.

Mo‘xsin Pirmo‘xsiniy universitet bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etdi. Xususan, ToshDO‘TAU doktorantlari Umidullo Mahmudov, Parviz Izzatullayevlarning o‘tgan yili Eron Islom Respublikasida malaka oshirib qaytishgani, fors tilini o‘qitishning yangi metodlarini o‘zlashtirib, ularni universitetda joriy etishayotgani ta’kidlandi. Uchrashuvda tomonlar  Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda Fors tili va madaniyati markazini tashkil etishga kelishishdi, bundan tashqari universitetga elchixona tomonidan yangi kompyuter jamlanmalari sovg‘a qilindi.  Hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida endi har yili 4-5 nafar universitet o‘qituvchilari Eron Islom Respublikasidagi malaka oshirish kurslariga jo‘natiladigan bo‘ldi hamda Erondagi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda doimiy ravishda  o‘quv vebinarlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yaqin kunlarda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Eron Islom Respublikasining Tehron hamda Tarbiyati mudarris  universitetlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.