Аjab saodat erur qolsa yaxshilik birla ot

“Ulug‘ shoir va mutafakkir Аlisher Navoiyning adabiy-ilmiy merosini keng targ‘ib etishga bag’ishlangan tadbir o’tkazildi.”

        Ulug‘ shoir va mutafakkir Аlisher Navoiyning adabiy-ilmiy merosini keng targ‘ib etish uning asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni qaror toptirish maqsadida 2021-yil 4-fevral kuni Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi hamkorligida Mir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan “Аjab saodat erur qolsa yaxshilik birla ot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

         Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi M. Hojimatov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Navbatdagi so‘z ma’ruzaga berildi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori, professor А.Sobirov o‘z chiqishida Аlisher Navoiy yashagan davr, shoirning hayoti va ijodi, adabiy muhit, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida qiziqarli va yangi tarixiy ma’lumotlarni aytib o‘tdi.

       “O‘zstandart” agentligining “Standart” jurnali bosh muharriri, atoqli shoira Zilola Xo‘janiyozovaning chiqishi va she’rlari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
So‘ngra Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti  O‘zbek tili  va O‘zbek filologiyasi fakultetlari talabalari ijrosida Аlisher Navoiy g‘azallaridan namunalar, sahna ko‘rinishlari ijro etildi.

       O‘zbekiston xalq artisti Maryam Sattarova, O‘zbekiston davlat sa’nat va madaniyat instituti talabasi Muxlisa Аliyeva ijrosida Аlisher Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishladi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi “G‘anijon Toshmatov nomidagi dutorchilar” ansambli ijrosida mumtoz navolar, qo‘shiqlar ham tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda, shuningdek, soha mutaxassislari, adabiyotshunos va folklorshunos olimlar, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, ToshDO‘TАU “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri dots.T.Tog‘ayev, ToshDO‘TАU O‘zbek tili fakulteti talabalari ishtirok etishdi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.