Millat birligining ko‘zgusi

“Millatning birligi, mavjudligining belgilaridan biri ona tili barhayotligidir.”

Joriy yilda mamlakatimizda katta tantana, o‘zgacha shukuh, ko‘tarinkilik bilan ilk bor nishonlanayotgan O‘zbek tili bayrami tadbirlarida bu jihatlar yana bir karra o‘z ifodasini topmoqda.
…Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘i. Yanada ko‘rkam, fayzli va tarovatli qiyofa kasb etgan, yangilangan Adiblar xiyoboni. Uni shiddat bilan o‘zgarib borayotgan O‘zbekistonimizga mengzash mumkin. 21-oktabr kuni erta tongdanoq bu yerga hamyurtlarimiz kela boshladi. Ulkan monitorda milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlar, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlarning faoliyati, hayoti, ijod yo‘li haqida hikoya qiluvchi lavhalar namoyish etilmoqda. 

          Yangrayotgan milliy mumtoz qo‘shiqlari tilimiz jozibasini ohanglar vositasida ifodalayotgandek. Adabiy gurunglar, ijodiy suhbatlar, she’rxonlik avjida. Oltin kuz faslida ushbu so‘lim maskan ham turfa ranglarda yanada go‘zal ko‘rinishga kirgan… Navoiy bobomiz, so‘z san’ati rivojiga hissa qo‘shgan boshqa ijodkorlarning muazzam haykallari. Ona tilimizga bo‘lgan amaliy e’tibordan ularning ham ruhi shod bo‘layotgan esa, ne ajab.

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan bu yerga erta tongdanoq turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarning vakillari, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat fidoyilari, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar jam bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Tabrikda ta’kidlanganidek, har bir davlatning rivojlanishida millat va xalq qadriyatlari timsoli bo‘lgan ona tili, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei mustahkam o‘rin tutadi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish borasida so‘nggi yillarda samarali ishlar amalga oshirildi.

Tantanali bayramda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO’TAU ning ham ko’plab professor-o’qituvchilari va xodimlari, faol talabari ishtirok etishdi. Navoiy haykali poyiga gul qo’yildi. Shuningdek, sahna chiqishlari namoyish etildi, tilimizni madh etuvchi go’zal she’rlar o’qildi.

 

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.