Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti muntazam ravishda turli xorijiy davlatlar elchixonlari, shuningdek, chet el oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib keladi. Navbatdagi hamkorlik aloqalari qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan yo’lga qo’yilmoqda. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev hamda elchining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Rashid Soliyevlar universitet rektori suhbatlashishdi. ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov mehmonlarni bayram bilan qutlab, tashrif uchun minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv davomida ko‘plab takliflar bildirildi, hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universitetida Alisher Navoiy markazi ochish taklifi berildi.
Mart-aprel oylarida ochilishi rejalashtirilayotgan ushbu markazda ToshDO‘TAU professorlari doimiy ravishda ma’ruzalar o‘tishadi. Shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti onlayn kurslarini tashkil etish, birgalikda yuqori saviyada ilmiy konferensiyalar o‘tkazish to‘g‘risida kelishildi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan suhbat ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ldi. Uchrashuvda Alisher Navoiy dahosining buyuk ilmiy va adabiyoti merosini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.