“Aytganlari amallariga to‘g‘ri edi”. Professor bilan jadid ziyolilari haqida suhbat

Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim Kun.uz muxbiri bilan suhbatda jadid ziyolilari hayoti va ijodini o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyati, jadidchilik harakatini tadqiq qilish bo‘yicha akademiya tuzish borasida bildirilgan taklif haqida gapirdi. Olim jadidlar ilgari surgan g‘oyalar oradan bir asr vaqt o‘tsa-da hamon dolzarb ekaniga e’tibor qaratdi.

Ustoz, jadid ziyolilari hayoti va ijodini o‘rganishimizning bugungi kundagi ahamiyati nimada deb hisoblaysiz?

–  Avvalo, o‘sha zamondagi insonlarning hayoti, ularning millat va vatan uchun jon fido qilganliklari, fidoyiliklari bugun biz uchun ibrat.

Ular o‘z cho‘ntagidan mablag‘ sarflab shaxsiy kutubxonalar ochishgan, xususiy maktablar tashkil etishgan.

Maqsad bitta – millatning ko‘zini ochish, dunyo ahli qanday taraqqiy qilib yashayotgan bo‘lsa, Turkiston ahli ham shunday taraqqiy qilib yashashi uchun intilish. Har turli to‘y-marosimlar va ziyofatlarga qilinadigan isroflarning oldini olish kerak degan bir fikrda bo‘lishgan.

Ular o‘z vaqtida, XX asr 20-yillariga kelib turli xayriya jamiyatlarini tuzgan. Deylik, “Ko‘mak” nomli jamiyat bo‘lgan. Bu jamiyat a’zolari jadidlar tashabbusi bilan xorijga talabalar yuborgan. Eng muhimi, xorijga ketayotgan bu talabalar Bokuga boradimi, Moskvagami, Berlingami – ularni Fitrat boshchiligidagi jadidlar Samarqandga olib borib Amir Temurning maqbarasida qasam ichirgan. Qasamning mazmuni quyidagicha bo‘lgan: “Men dunyoga chiqaman, Yevropaga borib ta’lim olaman va olgan ta’limimni yurtimga qaytib o‘zimning vatanimga sarf etaman”.

Bu holatni ba’zan mustaqillikning boshlanish yillarida “Umid” jamg‘armasi orqali dunyoning turli mamlakatlariga ta’lim olish, eng nufuzli universitetlarda o‘qish uchun ketgan yoshlarning hayotiga qiyoslayman. Taassufki, ularning ko‘pchiligi – mamlakatning intellekti, aqliy quvvati dunyoga sochilib ketdi. Ular ketdi. Qaytib kelganlari juda ham kam bo‘ldi. Lekin insonning tabiatida hamma vaqt o‘sha o‘z hayotini, o‘z turmush tarzini yaxshilash degan narsa bo‘lgan. Mening tasavvurim bo‘yicha ularning qarashlarida vatan, tuproq, bu millatning taraqqiyoti degandan ko‘ra o‘zining shaxsiy manfaatlari ustunga o‘xshab ko‘rinadi.

Bunga biz faqat afsuslanishimiz kerak. Va aynan mana shu talabalar jadidlar hayotini chuqurroq o‘rgangan bo‘lganida hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashardi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproqqa boshqacharoq nazar bilan qaragan bo‘lishar edi.

Jadidlarning sanog‘i juda ham ko‘p. Biz odatda jadidlar haqida fikr yuritganda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiyni esga olamiz. Vaholanki, ularning tegrasida (atrofida) Ashurali Zohiriy degan bir inson bo‘lgan, Hoji Muin yoki Samarqandda ulkan maktabdor Abduqodir Shakuriy degan inson bo‘lgan.

Hali ularni o‘rganish, ulardan o‘zlashtirishimiz lozim bo‘lgan joylari ko‘p.

Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiyni “Ikki emas to‘rt til lozim” degan maqolasi bor. Qarang, bu gapni aytilganiga 100 yildan oshdi. Bugun ko‘ryapmiz, 4 tilni bilish lozim ekan bizga.

Biz o‘z tilimizni birinchi navbatda bilishimiz kerak. Xorij tillarini, deylik rus, ingliz, nemis, fors, arab tillarini bilishimiz kerak. Dunyo bizga qanday munosabatda bo‘lyapti, biz haqimizda dunyo qanday fikr yurityapti, buni bilish uchun biz, albatta, Behbudiy aytmoqchi, bir necha tillarni o‘rganishimiz zarur.

– Jadidlar ilgari surgan g‘oyalar qay jihatlari bilan yorqinroq ko‘rinadi?

– Behbudiy o‘z zamonida millatning zabun ahvolini, Chor Rossiyasi yuritayotgan bosqinchilik siyosatini ko‘rib o‘zi va xalqining haqini talab qilgan insonlardan edi. Maqolalaridan birining sarlavhasiga ham “Haq olinur, berilmas” deb qo‘ygan.

Bu xalqning haqini biz “ajdaho”ning og‘zidan tortib olishimiz kerak, degan bir fikrni aytgan. Taassufki, uning fikrlari keyingi jadidlarda davom etgan bo‘lsa-da, uning o‘zi qatl etildi.

Garchand achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytmoq kerak, degan.

Haqgo‘ylik, adolat, to‘g‘rilik degan tushunchalar jadidlarning hayot va ijod konsepsiyasi bo‘lgan. Men shunday tasavvur qilaman.

Bu tipdagi fikrlar, bunday qarashlar baribir o‘rganilishi, tarixning yorqin bir sahifasi sifatida xalqi uchun jonini fido qilgan insonlarning hayot va ijod tarzi qanday, mehnat-u mashaqqati qanday ekanini aniq va teran tasavvur qiladigan bo‘lsak, hozirgi yashab turgan hayotimiz bu erkin, obod zamon qanchalar bizga xushkayfiyat baxsh etishini biz shukronalik bilan eslashga majbur bo‘lamiz.

Har qanday inson tasavvuri va tafakkurida qiyoslar muhim sanaladi. Biz jadidlarning hayot tarzi bilan bugungi hayotimizni qiyoslaymiz.

Biz erksizlik zamonlari bo‘lgan sho‘ro zamoni bilan bugun mustaqil zamonni qiyoslaymiz. Bu gaplarni sho‘ro zamonida aytishning mutlaqo iloji bo‘lmagan.

Jadidlar burjua, feodalcha fikrga yoki sotqin bir insonlar sifatida talqin qilingan zamonlar bo‘ldi. Vaholanki, ular bizning otalarimiz, bobolarimiz.

Ular bizga ma’rifatni targ‘ib qilgan. Ular o‘zbek adabiyotiga “O‘tkan kunlar” degan muhtasham va birinchi romanni taqdim etgan. Va bugungi kunga qadar o‘lmasdan o‘qilmoqda. Cho‘lpondek shoir o‘zining «Buloqlar», «Uyg‘onish», «Tong sirlari» kabi go‘zal to‘plamlarini taqdim etgan. Biz, albatta, ularni qadrlashimiz kerak.

Bugungi zamonaviy adabiyotning asosiy mavzulari qaysilar bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?

– Bugungi zamonaviy adabiyotning asosiy mavzularidan biri nafs jilovi bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

Agar biz haqiqatda komil inson bo‘lishimiz kerak bo‘lsa, bu dunyoda aziz bo‘lishimiz lozim bo‘ladigan bo‘lsa, birinchi navbatda har qanday inson o‘zining nafsini jilovlay olishi kerak.

Jadidlardan nafs jilovini, yo‘qchilig-u to‘qchilik ustida fikrlashni, vatan va tuproq nima ekanligini o‘rganish mumkin. Yurt uchun qayg‘urgan ular. Adabiyotning ikkinchi mavzusi bu — yurtning qayg‘usi bo‘lishi kerak.

O‘zidan ortmagan, o‘zining shaxsiy manfaatlari girdobida o‘ralashgan odam qanchalik bo‘g‘zidan do‘rillab gapirmasin, u yolg‘on gapirayotgan bo‘ladi.

Bo‘g‘iz va qorin adabiyoti bu juda fojiali adabiyot. U ijodkorni jarlikka olib boradigan adabiyot. Masalan, men mukofot uchun asar yozish zarur emas deb o‘ylayman. Asarni jadidlarga o‘xshab zaruriyat bo‘lgani uchun yozish kerak. Shundagina adabiyot haqiqiy va umrboqiy adabiyot bo‘ladi.

Insonni tabiati g‘alati. Unda baloyi nafs degan tushuncha bor. Baloyi nafsini jilovlagan odam saodatli bo‘ladi. Jadidlar o‘zlarining baloyi nafslarini jilovlab olgan odamlar bo‘lgan. Shuning uchun mana bugunga kelib ular aziz bo‘lib turibdi.

Munavvarqori o‘zining bir xotirasida aytadi: «Men bu xalq va millat uchun o‘z uyimda maktab ochdim. Odamlarning mol-mulkini yeb qo‘ygan joyim yo‘q». Jadidlarning deyarli hammasi shunday bo‘lishgan.

Inson tabiatan shunday: unga bir vodiy qo‘y-qo‘zi beradigan bo‘lsangiz, shu ikki vodiy bo‘lsa deydi. Mana bugungi kunda tasavvur qiling, bitta mashina olgan odam ikkita bo‘lsa deydi.

Jadidlar hayoti va ijodini fundamental tadqiq etish davri kelmadimi? O‘zingiz aytganingizdek, jadidchilik harakatining hali ko‘p qirralari ochilmay qolgan.

O‘tgan asrning 20-yillari matbuotini, jadidlar yozgan maqolalarni o‘qib-o‘rganib ba’zan o‘sha davr gazetalari changlaridan allergiya bo‘lib yurgan bir muallim sifatida jadidlarning hayotida juda ibratli narsalar borligini aytmoqchiman. Ularning aytgan gaplari qilayotgan amallariga to‘g‘ri kelgan. Agar bunday bo‘lmaganida biz ularni hozirga qadar eslamayotgan bo‘lar edik. Biz ularni aziz tutmagan bo‘lar edik.

Mening nazarimda, bularning tadqiqi qayta boshlanishi kerak.

Jadidchilik davri bilan shug‘ullanib yurgan muallimlarimiz tomonidan yaxshi bir fikr ilgari surilyapti, bugun jadidchilik bo‘yicha bizga ulkan bir muassasa lozim. Ehtimol, akademiya kerak, institut lozim.

Manba: kun.uz

 

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.