“Joriy yilning 8-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjumani bo‘ldi.”
Joriy yilning 8-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjumani bo‘lib o‘tdi.Konferensiyada jahonning o‘ndan ortiq davlatidan navoiyshunos, tilshunos va adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi. Pandemiya sharoitida mazkur anjuman ZOOM platformasida o‘tkazildi. Ozarbayjon, Turkiya, Afg‘oniston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari professorlari o‘z ma’ruzalarida Navoiyning buyuk merosi va dunyo adabiyotida tutgan o‘rni hamda bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy tarbiya ustuvorligi siyosatiga alohida baho berib o‘tdilar.
Anjumanni ToshDO’TAU rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi va yig‘ilganlarni buyuk allomamiz tavalludining 580 yilligi bilan qutladi. Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er, Afg‘onistonning favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Elmi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon milliy markazi direktori Samir Abbosov singari faxriy mehmonlar ham o‘zlarining tabrik so’zlarini bildirdilar.